Gulga gul deb qaramasangiz…

2019-11-07T08:00:57+00:007 November, 2019|Hafta maqolasi|

Yigit eshik ortida beixtiyor to‘xtab qoldi. Ichkaridan kelayotgan ovoz uni gangitib qo‘ygan. Na qo‘ng‘iroq tugmasini bosishga jazm etar, na shart burilib ketishga o‘zida kuch topardi. «Nahotki, bu kelinoyim bo‘lsa?» degan savol xayolida gir aylanardi. U og‘zidan bodi kirib, shodi chiqayotgan ayolni yo‘qlab kelgan kishisi ekanidan o‘zicha ijirg‘anar, quloqlarini kafti bilan bekitishga urinarkan «Biror kimsa o‘tib qolmasin-da…», deya atrofga olazarak qarab ham qo‘yardi. Shu payt ichkaridan akasining «Nima qil deysan, axir?!» degan o‘tinchli ovozi eshitildi-yu, yigitning hafsalasi butkul pir bo‘ldi. «Hali akam uydamidi?» – u yuragiga urilgan og‘riqli savol zarbidan o‘zi sezib-sezmayin qo‘lidagi yangasiga atalgan lolalarni g‘ijimlagancha yo‘lakka sochib yubordi.

Ayol – guldek nozik xilqat. Unga ta’rif berilganida, eng avvalo, nazokat, latofat, ma’suma, oqila, munis va dilbar qalb sohibasi, deya ardoqlaydilar. Jamiki go‘zalliklar unga qiyoslanadi. uning borligidan ko‘ngil halovat topadi. Yuraklarda hayotga muhabbat, zavq-shavq, ishonch va umid uyg‘onadi uning jilmayib boquvchi nigohlari qudratidan. Shu bois, uni farishtalarga mengzaydilar. Lekin, afsuski, ayrim holatlar ayollik iforiga parda tortayotgan, uni o‘zidan uzoqlashtirayotgandek tuyuladi. Xo‘sh, qandayin vajlar iffat malikasi sanalgan ayrim xotin-qizlarimizni chapani, qo‘rs, qo‘pol, jahlining quliga aylanguvchi kasga aylantirib qo‘yyapti? Yoki u ayol sifatida ardoqlanib, ayalmayaptimi? Hayotning yuki qaddi kabi nozik qalbini ham toliqtirib, ojizaning yana bir ojizaligi, ya’ni alamlarini baqir-chaqirlar orqali oshkor etuvchi kimsa sifatida namoyon etyaptimi?

– Ilmiy tadqiqotlar bugun ayollarimizning ko‘pchiligida ishbilarmonlik, tadbirkorlik, liderlikka intilish kabi sifatlar bundan o‘n-o‘n besh yil oldingiga nisbatan ortib, ayrim toifa erkaklarda esa susayib borayotganini ko‘rsatmoqda, – deydi psixologiya fanlari nomzodi Odinaxon Otajonova. – Ayollarimizdagi bunday fazilatlar atrofdagilar tomonidan, albatta, quvvatlanmog‘i kerak. Ayni paytda, aytish joizki, ayrim erkaklarimizning sustkash, jur’atsiz, oiladagi mas’uliyatni zimmasiga olmaslikdek ojizliklari ayollarimizning nozik olami dag‘allashib, xira torta borishiga izn beryapti. Tabiatan ayol eridan ko‘p narsa kutadi. Fan tilida bu «Ijtimoiy kutilmalar» deya ataladi. Masalan, ro‘zg‘orning ta’minoti, bolalarga namuna bo‘lib ularni boshqarish, kerakli o‘rinlarda muammolarga yechim topish, hamisha o‘z mavqeini tuta olish… Erkakning bu kabi masalalardagi sustkashligi esa o‘z-o‘zidan oilada o‘rinlarning almashuviga olib keladi. Bu holat bora-bora fe’l-atvorga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi.

Yana bir ko‘rinish: ayol bilan oilada hisoblashilmasligi, undan faqat xizmatlarninggina talab etilishi natijasida ichga yillar davomida yutib kelinadigan iztirob­lar kun kelib turli ko‘rinishlardagi norozilik «portlashlar»ida namoyon bo‘ladi. Ayrim o‘rinlarda esa ayolning o‘z «men»iga yuqori baho berishi, o‘zining «ta’minotchi» yoki «boshqaruvchi» sifatida tuta bosh­lashi ham qarashlardagi qusurlarning ildiz otishiga zamin yaratadi. Ayniqsa, ayolning turli murosasizliklar ta’siridagi alamidan murg‘ak bolalariga zahrini sochib «forig‘» bo‘lishga o‘rganib qolishi farzandlar qalbida onaga nisbatan mehr, hurmat kabi xislatlar o‘rnini qo‘rquv egallashiga olib keladi.

Inson qalbi ana shunday sirli jumboq. Hayot esa har kuni totli ne’matlarini uzatib turuvchi mehribon ham emas. Demakki, har birimiz mashaqqatlar, sinovlar to‘sig‘ini aylanib o‘tolmaymiz. Lekin har qanday holatda ham ayol AYoL bo‘lib mushkulotlarni yengib o‘tishi joizligini unutmasligi shart. Kechagi va bugungi kunimizning bekatlarida bunga juda ko‘p dalillar keltirishimiz mumkin. Nazarimda, ayol o‘z iforini dunyoga go‘zal bir ishtiyoq bilan boqib, yaxshiliklar izlab asrab-avaylamog‘i lozim. Oddiygina bir kunimizning qadriga yetishga urinaylik-a: beg‘ubor tong otdi. Ana shu beg‘ubor olam ichra bir necha soniya sayr etib qanchalar zavq-shavq, hayotga muhabbat topmoqlik mumkin. Mutaxassislarning fikricha, vujud va ruhiyat orasida ko‘z ilg‘amas bog‘liqliklar bor. Ko‘zguga boqib jilmayishga moyillik sezdingizmi, miyada «Yashamoq go‘zal…» degan sado jaranglaydi. Insonning salomatligi esa ko‘proq nima iste’mol qilayotganiga emas, asosan ko‘ngil xotirjamligiga daxldor.

Shu o‘rinda adabiyotlarda yozilgan bir ma’lumotni ta’kidlamoqchiman. Aytishlaricha, ko‘z yoshi stressdan qutulishning ishonchli usulidan biri ekan. U bilan chiqib ketmagan dard-alam bosh og‘rig‘i va artroz kasalligini, doimiy asabiylashuv oshqozon buzilishini, muttasil nimadandir xavfsirashda yashash yurak urishining izdan chiqishini keltirib chiqaradi. Demak, kulgi, yig‘i, tabiat sayri dildagi g‘uborlarni yuvishning eng samarali vositalaridir. Bu bilan siz yig‘loqiga aylaning yoki bo‘lar-bo‘lmasga jilmayavering, demoqchi emasmiz. Ayolning kiprigi namlanib, balki musiqa tinglab yoki sportning qaysidir turi bilan mashg‘ullikda ko‘nglini xufton qilayotgan xiraliklardan forig‘ bo‘lishi tiliga erk berib yengil tortishidan ming bora go‘zalligini ta’kidlamoqchimiz, xolos!

O‘ylab ko‘rganmisiz, xobbingiz bormi? Yo‘qsa, o‘zingizda bu xohishni kashf eting. Ana shu qiziqish hamisha sizni ruhiy jihatdan oziqlantirib turadi. Aytishlaricha, yosh bolalarni suyib, erkalash ham kishini dildagi g‘ashliklardan xalos aylab, yorug‘ xayollarga oshno etarkan. Ayniqsa, aqliy mehnat horitganida, nimalardir ko‘ngilni g‘ashlik to‘rlari bilan o‘ray boshlaganida to‘qish, tikish, pazandachilik pishir-kuydirlari kabi mashg‘ulliklar ham insonning tan-u joniga oro kiradi. Gap o‘zingizni, o‘kinchi alamli o‘ylaringizni yenga olishingizda! Ayol bu kabi urinishlari bilan, avvalo, o‘zini ayaydi, qolaversa, undan andaza olib ulg‘ayayotgan qizlarining fazilatlariga jilo beradi. …Avtobus to‘xtadi. Bekatga yetib kelganini bilmayin shoshib qolgan yigit o‘rnidan qo‘zg‘alarkan, qarshisida tik turgan nozikkina qizni turtkilagancha eshik tomon oshiqadi.

– Ehtiyot bo‘lsangiz-chi? – qizning bu e’tirozi yigitning o‘qrayib o‘girilishi-yu, haqoratomuz so‘zlari bilan to‘qnashadi.

– Axir men qiz bolaman-ku? Nahotki…

Ha, u bu gal, balki hech narsa demayin norizoligini ichiga yutar, yanagi safar so‘z aytmas. Lekin u atrofida shundayin munosabatlarni ko‘raversa, bir kuni o‘zidan uzoqlashadi. Gulni gul, deb qaramasangiz so‘lgani misol, ayolni ayol deb bilmaslik qalbidagi go‘zal, nafis pardani yulib tashlaydi kun kelib!

Shunday. Ayolning o‘zi kabi uning ifori ham juda-juda nozik. Demakki, uning iforini yo‘qotmaslik tashvishini faqat o‘zigina emas, atrofidagilar ham ma’lum ma’noda chekmoqlari kerak.

Oybuvi OCHILOVA