Davlat xizmatlaridagi ochiqlik va shaffoflik

2019-11-08T12:21:33+00:008 November, 2019|Sirdaryo vil.|

Sayxunobod va Sirdaryo tumanlarida o‘tkazilgan media-turda yaqqol namoyon bo‘ldi
Davlat xizmatlari agentligi  Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun Sayxunobod va Sirdaryo tumanlaridagi markazlariga media-tur tashkil etildi.

Sayxunobod tumani Davlat xizmatlari markazi shu yil 1 sentyabrь —mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan. Markaz murojaatchilar bilan gavjum. Ayniqsa, markazning eng zamonaviy axborot texnologiya vositalari bilan jihozlangan. Internetga ulanish uchun bepul WiFi o‘rnatilgani va elektron navbat tizimi, infokioskning ishlab turganligi, yana ham e’tiborga molik jihati, ko‘rsatilayotgan xizmatlarda shaffoflik mezoni ta’minlangani media tur ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

—Markazimiz tomonidan tuman aholisiga 120 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsayapmiz, — deydi Sayxunobod tumani Davlat xizmatlari markazi direktori Sherzod Umarov. — Bu erda murojaatchilarga barcha qulayliklar yaratilgan. Shuningdek, bolalar uchun o‘yin maydonchasi, keksa va nogironlar, favqulotda betob bo‘lib qolganlarga xizmat ko‘rsatadigan tibbiyot xonasi, doimiy ishlab turibdi. Eng ahamiyatlisi, odatiy davlat xizmatlaridan tashqari markazning o‘zida tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi, tadbirkorlar uchun Bosh vazir qabulxonasi, notarius xonasi ham tashkil etilgan. Murojaatchi bir jaryonda istagan muammosini shu erning o‘zida hal etib qilib ketishi mumkin. Hatto boshqa shahar, boshqa viloyatdan kelgan fuqaro ham infokioskka pasportini kiritib, zarur ma’lumotlarni shu erda turib olish imkoniyatiga ega.

Jurnalistlar markazga tashrif buyurgan fuqarolar bilan ham suhbatlashib, ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifati va xodimlarning muomala madaniyati bo‘yicha so‘rovnomalar o‘tkazdilar.

—Men qishloq xo‘jalik mahsulotlarini xorijiy davlatlarga eksport qilish uchun alohida mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi firma faoliyatini yo‘lga qo‘yapman, — deydi Sayxunobod tumani “Bo‘ston” suv is’temolchilari uyushmasida yashovchi Bobir Hazratqulov.— MChJ tashkil etish bo‘yicha hujjatlarim shu erning o‘zida ro‘yxatdan o‘tkazildi. 2020 yildan boshlab 20 gektar maydonda qishloq xo‘jalik mahsulotlari etishtirib, xorijiy davlatlarga eksport qilmoqchimiz. Tadbirkorlarga markazda yaratilgan qulayliklardan juda mamnun bo‘ldim. Avvallari bitta hujjatni hal etish uchun o‘n kunlab vaqtimizni yo‘qotardik. Davlat xizmatlari markazida ochiqlik, shaffoflik bosh tamoyil etib belgilanganligi har bir murojaatchini quvontiradi.

Kunning ikkinchi yarmida media- tur ishtirokchilari Sirdaryo tumani Davlat xizmatlari markaziga tashrif buyurishdi.

—Sirdaryo tumani Davlat xizmatlari markazi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida aholiga 120 turdagi qariyb 50 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi, — deydi Davlat xizmatlari markazi direktori Ravshan Usmonov. –Aytish joizki, 31 turdagi davlat xizmatlari faqatgina Sirdaryo tumani Davlat xizmatlari markazida tajriba sifatida yo‘lga qo‘yilgan.

—Bugungi tashrif doirasida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldim,— deydi “Sirdaryo” gazetasi xodimi Abdurazzoq Burliev.—Xizmatlarning shaffofligi menga juda ma’qul keldi. Odamlarga qanday xizmat ko‘rsatilayotgani kuzatuv kamerasida aniq tiniq ko‘rinib turadi.

Bir so‘z bilan aytganda, Davlat xizmatlari markazlariga tashkil etilgan media-tur barcha jurnalistlarda katta taasssurot qoldirdi.

Bozorboy  BEKMURODOV.